O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning taklifiga binoan 28-30-sentabr kunlari amaliy tashrif bilan Berlin shahrida bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Federal Kansler Olaf Shols va Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo va Germaniya davlat rahbarlarining uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Mamlakatimiz yetakchisi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etiladigan ishbilarmonlik tadbirlarida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Kun tartibidan O‘zbekiston Prezidentining joriy yil may oyidagi Germaniyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.