Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Ispaniya milliy bozorlar va raqobat komissiyasi (the Spanish National Markets and Competition Commission – CNMC) tomonidan joriy yilning 17-21-oktyabr kunlari Barselona shahrida tashkil etilgan 22-Xalqaro raqobat tarmog‘i (International Competition Network – ICN) yillik konferensiyasida ishtirok etishdi.
Ushbu xalqaro tadbir doirasida, 2023-yil 20-oktyabr kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi delegatsiyasi vakillarining Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Monopoliyaga qarshi kurashish va iste’mol bozorini nazorat qilish davlat xizmati mutasaddilari o‘rtasida rahbariyat darajasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda, jumladan, ikki idora o‘rtasida joriy yilning avgust oyida tuzilgan hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnoma doirasida, shuningdek, mazkur Bayonnomada keltirilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar Rejasiga muvofiq, monopoliyaga qarshi kurashish, raqobat muhitini tartibga solish va rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohalaridagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, istiqboldagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish hamda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.