Nukus shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro “TRACKER-2TRK Premier PLUS” markali rusumli avtomashinani xarid qilish msaqsadida“Nukus-Avtosavdo” MChJ avtosaloni bilan shartnoma tuzadi 140 000 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Shartnoma 2023 yilning 25-iyul kuni tuzilgan, biroq oradan bir qancha oy o‘tishiga qaramay avtomobil yetkazib berilmagan.
Avtosalon tomonidan “TRACKER”ni qachon keltirilishi haqida to‘liq ma’lumot berilmagan. Iste’molchi bilan o‘zaro tuzilgan shartnomada avtomobil belgilangan muddatda yetkazib berilishi, aks holda kechiktirilgan kunga penya hisoblanishi ko‘rsatilgan. Ammo avtosalon penya to‘lab berolmasligini oldindan bildiradi. Iloji qolmagan iste’molchi shartnomani bekor qilishga qaror qiladi va “TRACKER” avtomashinasini xarid qilishdan voz kechadi.
Shu tariqa avtosalon bilan iste’molchi o‘rtasida bir qator muammo yuzaga keladi. Asosiysi, avtomashina uchun oldindan to‘langan pul iste’molchiga qaytarib berilmaydi. Fuqaro shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Amalga oshirilgan ishlari natijasida, fuqaroning avtosalon bilan tuzilgan shartnomasi bekor qilinib, oldindan tulangan 140 000 000 so‘m pul mablag‘lari qaytarib berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida. O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining quyidagi huquqlari belgilab berilgan.
Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.