Joriy yilning 29-may kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Qayumovning Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi navbatdagi sayyor qabuli bo’lib o’tdi. Jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlarni rais maslahatchisi O.Usmonov qabul qildi.
Ushbu sayyor qabul o‘tkazilishidan maqsad fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot qilish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va faoliyat yuritishda amaliy ko‘mak berish va ularni qiynab kelayotgan yoki yechimini topmayotgan muammolarini o‘rganish hamda ularni o‘z vaqtida hal qilish.
Qabul davomida 10 dan ortiq murojaatlar tinglandi. Jumladan, X.Hayitboyevning oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan kredit mablag’lari hisobiga mahsulotlarni faqat smart-market platformasi (marketplays) orqali xarid qilinishi belgilanganligidan noroziligi haqidagi, J.Boboxonovning oilaviy korxona gaz va elektr bilan ta’minlash bo’yicha, R.Qalandarovning ichimlik suvi bosimi pastligidan norozi ekanligi, «NODIR KUMUSH BAHOR» fermer xo’jaligi rahbari R.Qosimovaning xalq bankida olingan kredit mablag’ini muddatini uzaytirish shu bilan birga, S.Sabirovning tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun yer maydonini auksionga qo`yilishi yuzasidan murojaatlari eshitildi hamda ularning yechimi bo‘yicha aniq choralar va ijrochilar belgilab olindi.
Mazkur qabul davomida aholi va tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz normalari masalalari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer ajratish masalalari, raqamli platformalarda mahsulotlar sotilishi hamda savdo sohasidagi kamchiliklar to‘g‘risidagi o‘zlarining qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.