Joriy yilning 17-yanvar kuni Qo‘mita rahbariyati boshchiligida 2024-yil yakunlari va joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
Unda Qo‘mita markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda 14 ta hududiy organ rahbar va o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Rais o‘rinbosari A.Qayumov o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida Qo‘mita raisi Andijon, Buxoro, Samarqand hududiy organ rahbarlarini normativ huquqiy hujjatlarning raqobatga ta’siri baxolash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar umuman qoniqarsizligini tanqid qildi va ular ustidan qat’iy nazoratni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shuningdek, davlat xaridlari yo‘nalishida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyati tanqid qilindi hamda Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo Jizzax, Buxoro viloyatlarida ham bu yo‘nalishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.
Insofsiz raqobat amaliyotlari yo‘nalishida Buxoro, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi yuzasidan Qoraqalpog‘iston respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro viloyatlari hududiy organlari ogohlantirildi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent, Surxondaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlari kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Bundan tashqari tizimning kadrlar sifati bilan ishlashdagi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab berildi. Hamda, boshqa yo‘nalishdagi kamchiliklarga ham to‘xtalib, yil yakunigacha qat’iy ish rejimida ishlash yuzasidan tizimning barcha darajasidagi xodimlarning mas’ulligi belgilandi.
Qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev o‘z nutqining so‘ngida
«Barchamizning asosiy vazifalarimizdan biri bu xalqimiz, davlatimiz rahbarining tizimga berayotgan e’tibor va ishonchini oqlash uchun funksional,
aniq belgilangan ishlarni tashkil etish kerakligi va bu yo‘nalishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, sustkashlikka yo‘l qo‘yganlar kechirilmaydi»
deb alohida ta’kidlab o‘tdi.