Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillari natijasida viloyatda faoliyat yurituvchi tabiiy monopoliya subyekti hisoblangan “ELKIMYO-SUVTA`MINOT” MChJ tomonidan ichimlik suvi yetkazib berish va kanalizatsiya xizmatlari uchun iste’molchilardan 200 mln so‘mdan ortiq pul mablag‘lari olganlik holatlari aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq, Narxlarni tartibga soluvchi organning narxni (tarifni) deklarasiya qilish (tasdiqlash) to‘g‘risidagi qarori tabiiy monopoliya subyekti tomonidan ular kuchga kirishidan o‘n besh kun oldin ommaviy axborot vositalarida hamda o‘z rasmiy veb-saytlarida e’lon qilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilish alomatlari bilan “ELKIMYO-SUVTA`MINOT” MChJga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, iste’molchilarga ortiqcha hisoblangan 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.