Surxondaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolardan avia chiptalar bo’yicha murojaatlar kelib tushmoqda. Xususan, Muzrabot tumanida yashovchi fuqaro 2024-yil 8-aprel kuni «UTair» Aviakompaniyasi orqali Toshkent-Moskva yo‘nalishiga avia chipta xarid qilgan. Ma’lum bir sabablarga ko’ra fuqaro reysga parvozni amalga oshirolmaganligi sababli, fuqaro chipta uchun to’lagan 2 000 000 so‘m miqdoridagi pulini qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan.
Shuningdek, Sariosiyo tumanida yashovchi yana bir fuqaro 2024-yil 19-mart kuni «TELAMON-FREGAT-SERVIS» XK avia kassasidan Toshkent-Sankt Peterburg yo‘nalishiga chipta sotib olgan. Ushbu yo’nalish bo’yicha parvoz etolmaganligi sababli, fuqaro to‘lagan 4 200 000 so‘m mablag‘larini qaytarilmayotganidan shikoyat qilgan.
Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari mazkur holatlar bo‘yicha tezkor o‘rganishlar olib borib, «UTair» aviakompaniyasidan Muzrabotlik fuqaroga, shuningdek, «TELAMON-FREGAT-SERVIS» XK dan Sariosiyolik fuqaroga to‘lagan mablag‘lari to’liq qaytarib berilishini ta’minlagan.
Bundan tashqari, Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro «Humo Airways» avia kompaniyasidan 2024-yil 28-fevralda Termiz-Toshkent-Termiz yo‘nalishiga 14-15 mart kunlariga mo‘ljallangan avia chipta sotib olgan. Avia kompaniya tomonidan reys qoldirilganligi tufayli, chipta narxi bo‘lgan 440 000 so‘m mablag‘lar qaytarilmaganidan norozi bo‘lib, Qo’mitaga murojaat qilingan. Hududiy boshqarma ushbu murojaatni ham ijobiy hal qilib, to‘lovlar fuqaroga to‘liq qaytarilishini ta’minlagan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19-moddasida Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilab qo‘yilgan.