Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida yashovchi fuqaro «FAVORITE-SERVICE» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan norozi bo‘lib Raqobat qo‘mitasiga murojaat yo‘llagan.
Fuqaro 2023-yilda TRACKER rusumli avtomashinasini sotib olish maqsadida shartnoma imzolagan va 112 000 000 so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan. Biroq, oilaviy sharoiti tufayli, 2024-yilning 16-fevralida shartnomani bekor qilish va to‘langan mablag‘ni qaytarish to‘g‘risida kompaniyaga murojaat qilgan.
Murojaatdan so‘ng bir necha oy o‘tgan bo‘lsa-da, shartnoma bekor qilinmagan va mablag‘ fuqaroga qaytarilmagan. Bu vaziyat, fuqaroning huquqlarini buzilishiga olib kelgan va u Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Murojaat asosida hududiy boshqarma mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-22-moddalari asosida o‘rganishlar olib borgan. Ushbu moddalar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va tijorat subyektlarining majburiyatlarini aniq belgilab beradi.
Hududiy boshqarma mutaxassislarining sa’y-harakatlari bilan, fuqaroga “FAVORITE-SERVICE” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 112 000 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.