“Toshkent shahrining Yashnobod tumanidan yangi turar joy xarid qilganmiz. Qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetmagan, oshxona, hammom va xojatxona uchun faqat xona devorlari bor xolos, yashash uchun sharoit yo’qligi sabab bu yerda istiqomat qilmadik va suvdan foydalanmaganmiz. Ammo xonadonimizga ichimlik suvi uchun 2 mln 184 ming so’m qarzdorlik yozilibdi…”
A.R. Toshkent shahar
Ekspert: Axror AXMEDOV, Raqobat qo‘mitasi bosh mutaxassisi
— Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi murojaatni “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ bilan hamkorlikda o‘rganib chiqdi. Shikoyatda keltirilgan holatlarga aniqlik kiritish jarayonida mazkur yangi qurilgan uyda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan, ammo oxiriga yetkazilmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, sanuzel bilan bog‘liq xonalar (oshxona, hammom va xojatxona) uchun faqat xona devorlari olingan, xolos. Bu xonadonda yashash uchun shart-sharoit yo‘qligi tufayli hech kim istiqomat qilmagan va suvdan umuman foydalanilmagan. Bundan tashqari, fuqaro A.R. bilan “O‘zsuvta’minoti” AJ o‘rtasida shartnoma tuzilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirishga haqli emasligi belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 194-son qarori bilan berilgan “Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish Qoidasiga asosan, ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari — ISKX tashkiloti iste’molchi tomonidan taqdim etilayotgan suv sarfi haqidagi ma’lumotlarni, suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlarining to‘g‘ri olinayotganligini muntazam ravishda nazorat qilib turishi lozim. Biroq xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan bu nazorat ishlari olib borilmagan. Buning natijasida asossiz qarzdorlik yuzaga kelgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ ma’lumotlar bazasida ushbu yangi turar joy hisob raqamiga biriktirilib, Yashnobod tumani aholi abonentlar bilan ishlash bo‘limi iste’molchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan elektr ma’lumotlar bazasiga o‘zgartirish kiritgan. Iste’molchi shahar ichimlik suv tarmog‘iga ulanmaganligi sababli elektron bazada suv ta’minoti uchun hisob-kitob to‘xtatildi va ushbu hisob raqamda asossiz hisoblangan 2 mln 184 ming so‘m qarzdorlik bartaraf etilishi ta’minlandi.