Ijtimoiy tarmoq orqali “Yangi olingan “Cherry”ning karobkasi yo‘lning o‘rtasida ishlamay qolibdi. 5-yillik kafolat bor deb sotgan salon 1 oydan beri na mashinani tuzatib bergani na almashtirib bergani aytilmoqda!” mavzuida tanqidiy murojaat qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaatni “ADM-ASTER” MChJ QK bilan hamkorlikda o‘rganib chiqdi. Murojaatda bildirilganidek, haqiqatan ham Cherry Roxat kompaniyasining servis xizmati tomonidan fuqaroga tegishli Cherry Tiggo 7 Pro Premium markali avtomobili kafolat muddatida ta’mirlab berilmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari belgilab berilgan.
Nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
– tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
– tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
– tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
– xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
– shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Cherry” avtomobilining nuqsonli ehtiyot qismi ya’ni avtomat uzatish qutisi yangisiga almashtirib, o‘rnatib berilishi ta’minlandi.