15 mart — Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuniga bag‘ishlangan seminarlar yakuni
NAMANGAN VILOYATI
Namangan viloyati Chust tumanida “Men yosh iste’molchiman” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda tumandagi 63 ta maktabning 9-11 sinf o‘quvchilarining orasidan g‘oliblari aniqlanib ularning ustozlari maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan takdirlandilar. Shuningdek, tumanda joylashgan umumta’lim maktablarida va Turon xalqaro universitetida professor, o‘qituvchi va talabalar ishtirokida targ‘ibot uchrashuvlari tashkil etildi. Uchrashuv davomida o‘quvchi yoshlarga iste’molchining huquq va majburiyatlari haqida atroflicha tushunchalar berildi.
NAVOIY VILOYATI
Navoiy Davlat universiteti va Navoiy Davlat konchilik va texnologiyalari universitetida yoshlar ishtirokida talabalari uchun seminar o‘tkazildi. Tadbir davomida iste’molchilarning huquqlari bo‘yicha va huquqlar buzilgan taqdirda kimga va qay tartibda murojaat qilish kerakligi haqida muhim ma’lumotlar berildi. Shunigdek, viloyat umumta’lim maktablarida ham targ‘ibot tadbirlari olib borildi.
QASHQADARYO VILOYATI
Qarshi shahridagi «Jurnalistlar uyi»da «Murojaat va natija. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda viloyatda faoliyat olib borayotgan bir qator ommaviy axborot vositalari hamda hamkor tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Qarshi Xalqaro innovatsion universiteti va INNOVA EDUCATION o‘quv markazida “Iste’molchi raqamli munosabatlarda”, «Huquqiy bilim – iste’molchi himoyasi kafolati» mavzularida o‘quv-seminar tashkil etildi. Seminarda hududiy boshqarma xodimlari tomonidan iste’molchining asosiy huquq va manfaatlari, tushayotgan murojaatlar va ularning yechimi haqida ma’lumot berildi.
ANDIJON VILOYATI
Andijon davlat tibbiyot instituti va Andijon davlat chet tillari institutida davra suhbati tashkil etildi. Suhbat davomida iste’molchilar huquqlari va majburiyatlari, onlayn do‘konlardan mahsulot harid qilganda nimalarga ahamiyat qaratish lozimligi, mahsulot sifatsiz bo‘lgan taqdirda kimga va qay tartibda murojaat qilish kerakligi, kommunal xizmatlar iste’moli nima degani va unda iste’molchilarning huquqlari qanday himoya qilinadi, kabi mavzularda so‘z bordi. Boshqarma xodimlari talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdilar.
SURXONDARYO VILOYATI
Termiz davlat Pedagogika institutida o‘quv seminar, yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Seminar davomida talabalar hamda o‘quvchi yoshlarga iste’molchining huquq va majburiyatlari haqida, moliyaviy xatarlarni aniqlash, firibgarlikdan himoyalanish va iste’molchi sifatidagi huquqlarini bilish yuzasidan tavsiyalar berilib, yosh iste’molchilardan taklif va tavsiyalar tinglandi.
Barcha fuqarolarni iste’molchilik madaniyatini oshirishga va o‘z huquqlarini bilishga chorlaymiz!