Bugungi kunda aholimiz vakillarida xonadonga o‘rnatilgan ichimlik suvi hisoblagichlari va ularni qiyoslovdan o‘tkazish, shuningdek, iste’mol qilingan suv uchun to‘lov hisob-kitobidagi asossiz qarzdorliklar masalasida ham muammolar kelib chiqmoqda.
Qo‘mita axborot xizmati mas’ul vakili Umida Mansurova
— Albatta, murojaatlar asosida kommunal sohadagi ichimlik suvi, hisoblagichlar va to‘lovlardagi adashishlarni tekshirib, ijobiy hal qilishga ko‘maklashish Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’uliyatlari sirasiga kiradi.
Xususan, Qo‘mitaning Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga Urganch shahrida yashovchi Y.I. ismli fuqaro tomonidan qoldirilgan murojaat ham aynan kommunal sohaga tegishli. Murojaatda fuqaro foydalanilgan ichimlik suvi uchun 2023-yilning dekabr oyiga qadar oldindan 700 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgani, ammo shunga qaramay, “Xorazm suv ta’minoti” MChJ tomonidan 500 ming so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik hisoblangani haqida murojaat yo‘llagan. Xo‘sh, bunday qarzdorlikning kelib chiqishida kim aybdor: ta’minotchi korxonami yoki iste’molchi?
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan murojaatga taalluqli hujjatlar o‘rganilganda ta’minotchi korxona mazkur qarzdorlik suv hisoblagichning davlat qiyoslovidan o‘tkazish muddati o‘tib ketganligidan kelib chiqib hisoblanganini bildirgan. Haqiqatan ham, fuqaro xonadoniga o‘rnatilgan suv hisoblagichga 4 yil bo‘lgan va 2023-yil 15-oktabrda undan foydalanish muddati tugagani ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari (ISKX tashkiloti) suvni hisobga olish asbobining o‘z vaqtida nazoratdan o‘tkazilishi uchun iste’molchiga oldindan kamida 30 kalendar kun avval (pochta orqali, shaxsan, elektron pochta vositasida, ijtimoiy tarmoqlar yordamida va hokazo) xabar berish, uni yechish, o‘rnatish ko‘rsatkichlarni nazorat qilish yuzasidan mas’ul hisoblanishi qayd qilingan. Bundan tashqari, aholiga qiyoslash muddati tugagan suvni hisobga olish asboblarini yangisiga almashtirish ISKX tashkilotining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ham qonunda mavjud.
Biroq “Xorazm suv ta’minoti” MChJ tomonidan iste’molchiga qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha umuman ogohlantirish xati berilmagan. Ikkinchidan, qarzdorlik 2023-yil 15-oktabrga qadar hisoblagichni qiyoslovdan o‘tkazish muddatigacha hisoblanmagan.
Shunga qaramay, fuqaro hisoblagichini O‘zbekiston Milliy metrologiya institutining Urganch shahar filialida qiyoslovdan o‘tkazgan va 2023-yilning 4-dekabr kuni taqdim qilingan xulosada uning nosozligi bildirilgan.
Olib borilgan qayta hisob-kitoblar hamda metrologiya xizmatining xulosasiga ko‘ra, ushbu xonadonning foydalanilgan suv uchun qarzdorligi 2023-yil 1-oktabr holatiga atigi 31 ming 557 so‘mni tashkil etgan. Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi tomonidan “Xorazm suv ta’minoti” MChJga berilgan ko‘rsatma asosida asossiz qarzdorlik bekor qilinib, murojaatchining yangi hisoblagichi uchun o‘z hisobidan to‘langan pul mablag‘i qoplandi. Asosiysi hisoblagich bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, rasmiylashtirib berilishi ta’minlandi.
Pokiza Idrisxon tayyorladi