100 mlrd so‘mdan ortiq paxta tolasi mahsulotni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotgan “WHITE GOLD KLASTER” MCHJga nisbatan tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib borishi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan birja savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarni taqiqlash bo‘yicha qonunchilik hujjatlari buzilishlari yuzasidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida, “WHITE GOLD KLASTER” MCHJ tomonidan 104 mlrd so‘mlik 5 000 tonnadan ortiq paxta tolasi mahsulotni birja savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilganligi aniqlandi.
Shuningdek, ushbu mahsulotni birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda narxlarini yuqori qo‘llash natijasida jami 700 mln so‘mdan ortiq asossiz daromad olganlik holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “WHITE GOLD KLASTER” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








