Raqobat qo‘mitasi 132 ta qurilish tashkiloti shartnomalarida iste’molchilar huquqlarini cheklovchi shartlar mavjudligini aniqladi
Raqobat qo‘mitasiga 2026 yilning o‘tgan 9 oyi davomida qurilish ishlarining sifati va obyektlarning o‘z vaqtida topshirilmayotganligi yuzasidan iste’molchilardan 1 700dan ortiq shikoyatlar kelib tushgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga qariyb 14,5 mlrd so‘mlik mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Mazkur murojaatlar asosida quyidagi hududlarning turar joy qurilishida ulushli ishtirok etish bo‘yicha 132 ta quruvchi tashkilotning shartnomalari tahlil qilindi:
Toshkent shahar – 17 ta;
Namangan viloyati – 15 ta;
Navoiy viloyati – 15 ta;
Toshkent viloyati – 15 ta;
Buxoro viloyati – 13 ta;
Surxondaryo viloyati – 13 ta;
Farg‘ona viloyati – 10 ta;
Xorazm viloyati – 10 ta;
Andijon viloyati – 9 ta;
Sirdaryo viloyati – 8 ta;
Jizzax viloyati – 4 ta;
Qashqadaryo viloyati – 3 ta.
Shartnomalar tahlillarida quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
77,3 foiz shartnomada shartnoma bekor qilinganda to‘langan mablag‘ni qaytarish muddati belgilanmagan yoki u dastlabki to‘lov muddatiga muvofiq emas;
63,6 foiz shartnomada xonadon qabul qilib olingandan keyingi kafolat muddati belgilanmagan;
59,1 foiz shartnoma faqat quruvchining manfaatlarini ko‘zlab tuzilgan;
54,5 foiz shartnomada kafolat muddati davomida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish majburiyati nazarda tutilmagan;
50,8 foiz shartnomada qurilishni yakunlash muddati kechiktirilgani uchun quruvchi to‘laydigan neustoyka (penya) belgilanmagan;
33,3 foiz shartnomada qurilish obyektini topshirishning aniq muddati ko‘rsatilmagan;
30,3 foiz shartnoma davlat tilida emas, rus tilida tuzilgan;
49,2 foiz shartnomada iste’molchilar huquqlarini kamsituvchi boshqa shartlar mavjud.
Shuningdek, tahlillar davomida shartnomalarda iste’molchi tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda to‘langan mablag‘ning 4–15 foizini ushlab qolish, pulni xonadon qayta sotilgandan keyingina qaytarish, narxni bir tomonlama oshirish va xaridorga nisbatan yuqori penya belgilash kabi iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlar aniqlandi.
Qo‘mita o‘rganish natijalaridan kelib chiqib,aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli Instansiyalarga takliflar kiritdi.
Hurmatli fuqarolar!
Ko‘p kvartirali uydan xonadon sotib olishda shartnomani imzolashdan oldin uni diqqat bilan o‘rganing va huquqshunos bilan maslahatlashing.
Qonunga zid yoki huquqlaringizni cheklovchi shartlar aniqlansa, vakolatli davlat organlari yoki sudga murojaat qiling.
Yodda tuting, shartnomani puxta o‘rganish — huquq va manfaatlaringizni himoya qilish garovidir!








