Ijtimoiy tarmoqlarda 500 ga yaqin reklama roliklari qonun talablariga zid deb topildi
Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning sentyabr–oktyabr oylarida Jizzax shahrida faoliyat yuritayotgan tungi klublarning ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan reklamalari yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan, «JIZZAX LEADER FOOD» MCHJ hamda «AZIZ BOG‘ISHAMOL KLUB» MCHJga qarashli tungi klublarning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalarida joylashtirilgan reklama materiallari tahlil qilindi.
O‘rganishlar davomida mazkur sahifalarda joylashtirilgan 500 ga yaqin videorolikda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga zid bo‘lgan tasvir va obrazlardan foydalanilganligi aniqlandi.
Ushbu holatlarga huquqiy baho berish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Jizzax viloyati bo‘limiga murojaat qilindi. Ular tomonidan taqdim etgan xulosaga muvofiq, mazkur reklamalar «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasi talablariga zid ekanligi belgilandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida har ikki tungi klubning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida joylashtirilgan qonunchilik talablariga zid reklama materiallari olib tashlandi. Natijada, mazkur sahifalarning jami 120 ming ortiq obunachi nomaqbul reklama materiallari ta’siridan himoyalandi.
Raqobat qo‘mitasi reklama tarqatuvchilar va reklama beruvchilarni amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga, reklama materiallarini joylashtirishda milliy qadriyatlar hamda jamiyatda e’tirof etilgan axloq normalarini inobatga olishga chaqiradi.








