“VEON” kompaniyalar guruhining “PERFECTUM” savdo belgisi ostidagi “RUBICON WIRELESS COMMUNICATION” AJ aksiyalarini sotib olish bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Veon” kompaniyalar guruhiga kiruvchi Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan “VEON UZB Holding Ltd” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida “Perfectum” savdo belgisi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Rubicon Wireless Communication” AJning 100 foiz aksiyalarini sotib olish bo‘yicha arizasi ko‘rib chiqildi.
“VEON UZB Holding Ltd” kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Unitel” MCHJ XKning ustav fondida 100 foiz ulushga ega.
Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim yuzasidan raqobatni ta’minlashga qaratilgan quyidagi shartlar asosida oldindan rozilik berish haqida qaror qabul qilindi:
➡️ “Perfectum” operatorining kamida 3-yil davomida alohida faoliyat yuritishini hamda 5G Standalone texnologiyasini boshqa hududlarga kengaytirishni ta’minlash;
➡️ amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflarini 12 oy davomida saqlash, yangi abonentlarga qulay shartlar yaratish va internetning o‘rtacha tezligini 300 Mbit/s dan pasaytirmaslik;
➡️ abonentlarga shartnoma predmetiga aloqador bo‘lmagan shartlarni majburan yuklamaslik va ularning boshqa mobil operatorlarga o‘tish erkinligini cheklamaslik;
➡️ abonentlarni Beeline va VEON guruhiga tegishli raqamli platformalar xizmatlaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi xizmatlardan foydalanishini cheklamaslik;
➡️ abonentlarga xizmat ko‘rsatish shartlarini asossiz ravishda yomonlashtirmaslik va ularning huquqlarini himoya qilish;
➡️ abonentlarning shaxsiy va tijorat ma’lumotlari himoyasini ta’minlash, ulardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik hamda qonunchilik talablariga zid ravishda xorijiy serverlarga uzatmaslik;
➡️ “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etish va bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash.








