Tibbiyot muassasalarida iste’molchilardan asossiz daromad olingani aniqlanib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish choralari ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Hududlar kesimida misollar:
📍 Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan 7 ta tibbiyot muassasasida 2023–2026-yillardagi pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllanishi va qo‘llanilishi tahlil qilindi. Ayrim muassasalarda soliq imtiyozlariga qaramasdan foyda solig‘i xizmatlar tannarxiga kiritilgani va ayrim xizmatlar narxlari belgilangan tariflardan oshirilgani aniqlandi. Oqibatda iste’molchilardan jami 331,7 mln so‘m asossiz daromad olingani ma’lum bo‘ldi.
6 ta tibbiyot muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, asossiz olingan 331,7 mln so‘mni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Yana bir muassasaga narxlar kalkulyatsiyalarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan xat kiritildi. Ko‘rilgan choralar natijasida ayrim pullik tibbiy xizmatlar tariflarini o‘rtacha 16,22 foizga pasaytirishga erishildi.
📍 Samarqand viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida xizmatlar narxlarining shakllantirilishi o‘rganilganida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 239-son va 722-son qarorlari bilan tasdiqlangan nizomlar talablari buzilgani hamda buning natijasida iste’molchilarga 302,2 mln so‘m ortiqcha hisoblanganligi aniqlandi. Filialga mavjud qonunbuzilishlarni bartaraf etib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.
📍 Sirdaryo viloyati
Boshqarma tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati filialida o‘rganish o‘tkazildi. Filial tomonidan 2025-yilda 4 790 nafarga yaqin iste’molchidan 76 mln so‘mdan ortiq asossiz daromad olingani aniqlandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati hududiy filialida esa pullik xizmatlar narxini shakllantirishda bilvosita xarajatlarni qayta taqsimlash koeffitsiyenti 38,2 foiz o‘rniga 47,4 foiz qo‘llanilgani, ya’ni 9,2 foizga yuqori belgilangani aniqlandi. Oqibatda 2024–2025-yillarda iste’molchilardan 300 mln so‘mga yaqin mablag‘ ortiqcha undirilgani ma’lum bo‘ldi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi yuzasidan filiallarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
‼️ Qo‘mita tomonidan iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda narxlarning asossiz oshirilishining oldini olishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.








