FUQARODAN SAVOL:
– Eskrou hizmati nima?
JAVOB
Eskrou xizmati (shartli saqlash) – bu moliyaviy bitim bo‘lib, unda uchinchi tomon kelishuvda (operatsiyada) qatnashuvchi ikki tomon uchun zarur bo‘lgan to‘lov mablag‘larini, kelishuv to‘liq amalga oshguniga qadar, o‘zida saqlash va boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. Bu o‘z navbatida mabag‘larni shartli saqlash hisob raqamida ushlab turish orqali, kelishuvni (tranzaksiyalarni) yana-da xavfsiz bo‘lishiga imkon yaratadi, to‘lov ishonchli kompaniyaning nazorati ostida faqat shartnomaning barcha shartlari bajarilganda ochiladigan xavfsiz hisob raqamda saqlanadi.
Eskrouning asosiy maqsadi – tovar oluvchiga tovarning yetib kelishini, tovar sotuvchi mablag‘lar kelib tushishini ta’minlashdan iborat. Eskrouning o‘rni bitimni amalga oshirishdagi vositachi sifatida namoyon bo‘ladi. Kelishuv bo‘yicha barcha majburiyatlar amalga oshirib bo‘lingach, eskrou xizmatini amalga oshiruvchi pul mablag‘larini tovar yetkazib beruvchi hisobiga ko‘chiradi.
Nima uchun eskrou xizmatlaridan foydalanish zarur?
Eskroudan odatda quyidagi holatlarda foydalaniladi:
- Yirik mablag‘li bitimlarda – masalan, uy sotib olish;
- Xaridor to‘lashdan oldin ish sifatini tekshirib olishi shart bo‘lgan xolatlarda;
- Xizmat ko‘rsatuvchi kafolatlangan to‘lovsiz ish boshlashni rad etgan hollarda.
Eskrou xizmati, shuningdek, tranzaksiyalarni bosqichma-bosqich bajarish zarur bo‘lganda juda ham qulay hisoblanadi. Loyihani davom ettirish uchun xizmat ko‘rsatuvchiga mablag‘ kerak bo‘lishi, ammo xaridorga ish tugatilishidan oldin to‘liq miqdorni xizmat ko‘rsatuvchiga ishonib topshirish ma’qul kelmasligi mumkin. Bunday hollarda, kelishuv bosqichma-bosqich bajarilgani sari, mablag‘lar eskrou xizmatini taqdim etuvchi maxsus shartli hisob raqamidan to‘lab tomonidan to‘lab boriladi.
Eskrou qaysi sohalarda ishlatiladi?
Internet tarmog‘ida
Onlayn bitimlarni amalga oshirayotganda, tovar yoki xizmatni xarid qilayotgan subyekt xaqida to‘liq ma’lumot bo‘lmasligi yoki ma’lumotlarda shaffoflik kam bo‘lishi mumkin. Shu sababli, Internetda ham xaridorni, ham sotuvchini himoya qilish uchun onlayn tarzda eskrou xizmatlarini taklif qiluvchi litsenziyaga ega uchinchi shaxslar mavjud. Xaridor va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasida shartlar, shu jumladan sotib olish miqdori, tovarlarni yetkazib berish va aniq qaytarib berish muddati muhokama qilinadi va uchinchi tomonga yetkaziladi. Barcha shartlar bajarilgandan va ikkala tomon roziligi olingandan so‘ng, Internet saqlash (eskrou) xizmati to‘lovni xizmat ko‘rsatuvchi hisobiga ko‘chirib berish orqali bitimni yakunlaydi.
Kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda, bitimning adolatliligini ta’minlash uchun nizolarni hal qilish protokoli kuchga kiradi. Protokol bo‘yicha amallar bajarilgach, bitim uchun pul to‘lanishi yoki egasiga qaytarilishi to‘g‘risida kelishuvga erishiladi.
Kiberjinoyatchilik soninining oshib borishi binobarida, soxta onlayn xizmatlar soni ham ko‘payib bormoqda. Xizmat ko‘rsatuvchi provayder ishonchli va g‘araz niyatda emasligiga ishonch hosil qilish uchun ehtiyot bo‘lish muhim.
Ko‘chmas mulk
Eskrou xizmatlari Internet tarmog‘idan tashqari, oddiy hayotda ham keng qo‘llanilishi mumkin, xususan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomasida eskrou amaliyotini qo‘llash rivojlangan davlatlarda keng tarqalgan. Xizmat birinchi navbatda, xaridorni himoya qiladi, u o‘zi sotib olayotgan mulkni joriy standartlarga va reklama keltirilgan xossalarga javob berishini, sotuvchi uni aldash uchun harakat qilmayotganligi, qolaversa u pulni to‘laganidan so‘ng, ko‘chmas mulkni aniq uning nomiga o‘tishi to‘g‘risida ortiqcha xavotirga tushmaydi. Xaridor eskrou hisobiga mablag‘larni joylashtiradi, sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi) shartnomada avvaldan ko‘rsatilgan majburiyatlar bajarilganda, ushbu mablag‘larni olishi mumkin. Bank yoki boshqa moliyaviy tashkilot, mustaqil vositachi sifatida, barcha shartlarni bajarilishini nazorat qilib boradi.
Onlayn eskrou xorijda 2009-yildan boshlab ishlatila boshlandi. eBay va AliExpress kabi onlayn bozorlar ushbu texnologiyadan bir necha yildan beri foydalanib kelmoqda. Masalan, eBay va FedEx platformalarida himoya bo‘yicha sherik sifatida Escrow.com litsenziyalangan onlayn xizmati mavjud. AliExpress, PayPal va WebMoney o‘z saytlarida o‘zlarining eskrou xizmatlari orqali mijozlarini himoya qilishni taklif qilishadi.