Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ko‘paytirilmoqda. Jumladan, gidroenergetikada bir oqim orqali ko‘p marta “yashil energiya” hosil qilish mumkin.
Shu bois Prezidentimizning 2017-yil 17-oktabrdagi qaroriga muvofiq, To‘palang daryosida kichik elektr stansiyalari ham qurildi. Xususan, 2020-yil dekabrda 37 megavattli “Zarchob-1” hamda 2021-yil sentyabrda 38 megavattli “Zarchob-2” GESlari ishga tushirildi. Bugungi kunda ularda 48 mingta xonadonga yetadigan elektr energiyasi hosil qilinmoqda.
Daryoning quyi qismida yana bir kichik GES – “Zarchob-3” loyihalashtirildi. Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida uning qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Uning quvvati 16 megavatt bo‘ladi va yiliga 70 million kilovatt/soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. U tabiiy va qayta tiklanuvchanligi bilan ahamiyatli. Shuningdek, boshqa quvvatlar asosan kunduz kuni ishlab chiqarilgani bois, bu yo‘nalish energetika tizimida rostlovchi vazifasini ham o‘taydi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon.
Hozirgi tizim bo‘yicha, daryo suvi maxsus bosim ostida avval To‘palang GESiga yo‘llanadi. Undan keyin bir biridan uncha uzoq bo‘lmagan Zarchob stansiyalaridagi parraklarni aylantiradi.
Shuningdek, xususiy sektor tomonidan mikro GESlar barpo etishga ham keng imkoniyat berilmoqda. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20 yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektrni davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilingan.