Samarqand viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti”ga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarning murojaatlari, muammolari va takliflarini tizimli o‘rganish maqsadida Raqobat qo‘mitasi raisi boshchiligida Samarqand viloyatida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbir doirasida viloyat hududidagi tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita muloqot qilinib, biznes yuritish jarayonida uchraydigan to‘siqlar, monelik holatlari va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar hamda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan murojaat va takliflar qabul qilindi.
Jumladan,
🔘 “Samarqand don mahsulotlari” MCHJ vakilining birja savdolari orqali sotish belgilangan mahsulotlar grafik asosida birjaga qo‘yib borilayotgan bo‘lsa-da, sotilmasdan qolayotgani hamda ma’lum bir savdo kunlarida sotilmay qolayotgan mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat berilishi masalasi to‘g‘risida;
🔘 “Ulmasov avtoturargoh” MCHJ temiryo‘l vokzali hududidan ijaraga olingan 1421,91 kv.m avtoturargoh tashkil qilingani, avtoturargohda transport vositalarini saqlash xizmatlari uchun qo‘llanilayotgan tariflar yuzasidan e’tirozlar bo‘layotgani sababli tariflarni tasdiqlatish kerakmi yoki avtoturargoh tariflarini necha daqiqa bepul qilish kerakligi to‘g‘risida;
🔘 “Sayidov Sherali” tomonidan tashqi reklama konstruksiyalarida tadbirkorlar reklamasi joylashtirilmagan vaqtda va davlat idoralari tomonidan siyosiy barerlar joylashtirilgan vaqtdagi hisoblangan yig‘imlar va penyalarni bekor qilish to‘g‘risida.
Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.








