Joriy yilning 22-mayida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahrida «Biz sizni eshitamiz» loyihasi doirasida turli yo‘nalishdagi tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbirni Raqobat qo‘mitasi rais o‘rinbosari A.Qayumov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Konferensiyada 100 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari, monopol korxonalar, raqamli platforma operatorlari va davlat idoralari vakillari shuningdek, monopoliyaga qarshi ekspertlar kengashi a’zolari taklif etildi.
Biznes va davlat organlari ochiq muloqoti doirasida konferensiya ishtirokchilariga monopoliyaga qarshi tartibga solish, narx va tariflarni nazorat qilish, shuningdek, insofsiz raqobat amaliyotlariga, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashish kabi yangi qoidalar haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, raqamli platforma operatorining ustun mavqeyi va ustun muzokara kuchini e’tirof etish hamda raqobatning cheklanishiga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlarni aniqlash tartiblari yuzasidan tadbirkorlarning 10 dan ortiq berilgan savollariga mutaxassislar tomonidan to‘liq javoblar berildi.
Ma’lumki, Raqobat qo‘mitasi huzurida mustaqil monopoliyaga qarshi ekspertlar kengashi tuzilgan bo‘lib, mazkur kengash a’zolari sohadagi dolzarb huquqiy masalalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish jarayonlarida faol ishtirok etishmoqda.
Tadbir so‘ngida tadbirkorlarning sohani rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan raqobat sohasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha fikr-mulohazalari va takliflari birgalikda muhokama qilindi.