Raqobat muhitiga ta’sir qiluvchi omillar tahlil qilinmoqda
Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari faoliyati, normativ-huquqiy hujjatlar hamda amaldagi eksklyuziv huquqlarning raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan tizimli o‘rganishlar olib borilmoqda.
2026-yilning I yarim yilligida 69 ta mahalliy davlat hokimiyati organi va 54 ta davlat boshqaruv organi faoliyati o‘rganilib, 573 ta holatda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid harakatlar aniqlandi. Shuningdek, 80 dan ortiq amaldagi normativ-huquqiy hujjat va 500 dan ziyod hujjat loyihasining raqobat muhitiga ta’siri baholandi.
Tahlillar davomida tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha ma’muriy va moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi, bozorga kirishni qiyinlashtirishi yoki ayrim ishtirokchilarga asossiz ustunlik berishi mumkin bo‘lgan normalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, 2026-yilning II yarim yilligida amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan eksklyuziv huquqlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish va bunday huquqlar taqdim etilgan korxonalar reyestrini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Zarurati va iqtisodiy asoslari saqlanmagan mutlaq yoki eksklyuziv huquqlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 4 ta vazirlik va idora hamda 4 ta viloyat hokimligida raqobat qonunchiligiga rioya etilishi davlat xaridlari va tashqi reklama sohalarini ham qamrab olgan holda keng o‘rganiladi.
‼️ Raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash, bozorga kirishdagi ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik subyektlari uchun teng raqobat sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha monitoring ishlari izchil davom ettiriladi.
#raqobat #raqobatqonunchiligi








