Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga sug‘urta pulini olish masalasida amaliy yordam berishlarini so‘ragan fuqaro S.Yo.ning murojaati o‘rganib chiqildi.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda fuqaro “AGROS HAYOT SUG‘URTA KOMPANIYASI” AJ bilan hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash bo‘yicha shartnoma imzolagani, biroq muddati tugagan bo‘lsa-da, jamg‘arilgan sug‘urta mukofot pullarini o‘z vaqtida ololmayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda sug‘urta mukofoti — sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urtalovchiga sug‘urta shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan tartibda va muddatlarda milliy valyutada yoki chet el valyutasida to‘lanadigan sug‘urta uchun to‘lov etib belgilangan. Shuningdek, qonunda sug‘urta sohalari: hayotni sug‘urta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati va pul ta’minoti bilan bog‘liq manfaatlarini sug‘urta qilish, bunda shartnoma bo‘yicha sug‘urtaning eng kam muddati bir yilni tashkil etadi hamda sug‘urta summalarining sug‘urta shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan oshirilgan foizni o‘z ichiga oluvchi bir martalik yoki davriy to‘lovlarini (annuitetlarni) qamrab olishi belgilab berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasida, ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlaridan biri sifatida ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Hududiy boshqarma tomonidan “AGROS HAYOT SUG‘URTA KOMPANIYASI” AJga yuzaga kelgan holatni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi. Shundan so‘ng mazkur AJ tomonidan fuqaroning jamg‘arilgan sug‘urta mukofot pullari 120 400 000 so‘m miqdorida to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.