O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni Misr Arab Respublikasi Senati raisi Abdulvahob Abdulroziq boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Senat raisi O‘zbekiston yetakchisiga Misr Prezidenti Abddulfattoh as-Sisining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajadagi muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda. Misrning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda geologiya, qishloq xo‘jaligi, energetika va turizm sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Parlamentlararo aloqalarni yanada faol rivojlantirish, qonun chiqaruvchi organlarda do‘stlik guruhlarini tuzish, oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.
Xalqaro tuzilmalar, jumladan, Parlamentlararo ittifoq, Qo‘shilmaslik harakati va Arab parlamenti doirasida amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.