O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaro tomonidan murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaatda, fuqaro avtosalondan “Oniks” modeldagi avtomobil uchun belgilangan mablag‘ni to‘lov qilgan. Avtomashina o‘z vaqtida yetkazib berilmagan va fuqaro avtosalondan boshlang‘ich to‘lovini qaytarib olishni talab qilgan, ammo fuqaroning murojaati avtosalon tomonidan yechimini topmagan. Ushbu holat yuzasidan iste’molchi norozi bo‘lib hududiy boshqarmadan amaliy yordam so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan sa‘y-harakatlar natijasida 107 million so‘m pul mablag‘i fuqaroga qaytarib berildi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga qonun talablari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.