Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yildi. Bu boradagi eng katta sohalardan biri ta’limdir. Uni izchil rivojlantirish maqsadida, ma’muriy islohotlar doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etildi. Tizimni tarkibiy maqbullashtirish, zamonaviy dasturlarni joriy qilish, xodimlarni rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Taqdimotda shu boradagi rejalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, boshlang‘ich sinflarda xorijiy tajriba asosida yangi o‘quv dasturi joriy qilinadi. Yuqori sinflarda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta’minlanadi. Bunda 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani tatbiq etiladi. Yangi o‘quv yilidan informatika fani 1-sinfdan o‘rgatiladi.
Hozirda mavzularning 70 foizi kundalik hayot bilan bog‘lanmagan. Endi fanlarning amaliy mashg‘ulotlar ulushi 40 foizdan 60 foizgacha oshiriladi. Bunda mavzular aniq muammoni hal qilish orqali o‘rgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida o‘tkaziladi.
Maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, ishga kirayotgan pedagog 1 yil davomida o‘qituvchi-stajor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak bo‘ladi.
O‘qituvchilarga malaka toifasini berish bo‘yicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani bo‘yicha bilimi, ikkinchisida pedagogik mahorati baholanadi. Malaka sertifikati olgan pedagoglarning oylik maoshiga 70 foizgacha miqdorida ustama to‘lanishi mumkin.
Shuningdek, bog‘chalarga malakali tarbiyachilarni jalb qilish uchun 2024-yil 1-iyundan ularning ish haqi stavkalari maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
Umumta’lim maktablariga budjetdan tashqari mablag‘lardan erkin foydalanish huquqi berilgani ularning moddiy ahvolini yaxshilash hamda o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini bermoqda. Endi bu tartibni bog‘cha va ixtisoslashgan maktablar uchun ham tatbiq etish mo‘ljallanmoqda.
Malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat “Direktorlar kengashi” tashkil etiladi. Endi maktab direktorlari lavozimga mazkur kengash tavsiyasi bilan ochiq tanlov asosida tayinlanadi.
Shuningdek, vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlari tugatiladi. Xususiy maktablarni tashkil qilishda qo‘yilgan talablar yengillashtiriladi.
Yig‘ilishda bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, xususiy sektorni jalb qilgan holda zamonaviy to‘garaklar ochish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, tizim faoliyatini transformatsiya qilish, o‘qituvchilarning malakasi va rag‘batini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.