Raqobatni rivojlantirish va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti veb sayti orqali Hazorasp tumanida istiqomat qilayotgan fuqaro tomonidan murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaatda fuqaro, 14.02.2023 yilda sug‘urta kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganligi shartnoma shartlariga asosan sug‘urta polisi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan “COBALT” rusumli avtomobil o‘z o‘zidan yonib ketganligi sababli, sug‘urta qoplamasi qoplab berilmayotganligini bildirgan.
Fuqaro tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlar o‘rganilib ko‘rilganida 2023-yil
8-mart kuni tunda baxtsiz hodisa, ya’ni yong‘in natijasida “COBALT” rusumli avtomashinasi yonib ketganligi ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan berilgan xulosalarda avtomobilning elektr simlarida qisqa tutashuv natijasida yong‘in kelib chiqish alomatlari mavjudligi hamda yong‘in natijasida avtomobilga bozor qiymatida jami 167,4 mln so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum qilingan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan fuqaroning murojaatida keltirilgan holatlar va taqdim qilingan ma’lumotlar doirasida hududiy boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishi natijasida, Sug‘urta kompaniyasi tomonidan shartnoma shartlari doirasida 93 441 600 so‘m miqdordagi sug‘urta qoplamasi fuqaroning tegishli bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida fuqaroning iste’molchi sifatida huquq va manfaatlari himoya qilindi.