O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan T.M “GARANT BUILDER” MCHJ xizmatidan noroziligini bildirib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida shartnomaviy munosabatlar amalga oshirilmagan ya’ni pudratchi o‘z zimmasiga olgan uy-joy qurilishini kechiktirgan, shu kunga qadar uy poydevori uchun faqat qazish ishlari olib borilgan. Shu sababli ham fuqaro shartnomani bekor qilish va uy uchun to‘langan pul mablag‘larini qaytarib olishga qaror qilgan. Biroq, korxona to‘lovlarni qaytarib berish choralarini ko‘rmaganligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, Qashqadaryo hududiy boshqarmasi iste’molchi huquqlari manfaatida bo‘lib, yetkazilgan zararni undirish haqida O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 23-25-moddalariga muvofiq, fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudiga da’vo arizasini taqdim etgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudi tomonidan o‘tkazilgan sud jarayonida O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolik kodeksi” 666-moddasida “Qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha pudratchi shartnomada belgilangan muddatda buyurtmachining topshirig‘i bilan muayyan obyektni qurish yoki boshqa qurilish ishini bajarish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa pudratchiga ishni bajarish uchun zarur sharoit yaratib berish ishni qabul qilish va kelishilgan haqni to‘lash majburiyati belgilanganligi inobatga olindi.
Natijada 2024-yil 24-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonida aniqlangan qonuniy asoslaridan kelib chiqqan holda, fuqaroning murojaati asosli deb topilib, sudning hal qiluv qarori bilan iste’molchiga 87 mln 544 ming so‘m undirib berilishi ta’minlandi.