Ekonometrik tahlillarni takomillashtirishda yangi hamkorlik
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti, akademik Sh.A.Ayupov hamda Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori O.S.Jumayev o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida zamonaviy ilmiy yondashuvlardan foydalanish, ma’lumotlar bilan ishlash sifatini oshirish hamda tomonlarning tahliliy imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, O‘zR FA V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti bilan hamkorlikda ichki bozordagi narxlarga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash hamda kelgusidagi narx tendensiyalarini prognozlash masalalari bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida sohaga oid tahlillarda ekonometrik instrumentlar, sun’iy intellekt hamda matematik modellashtirish imkoniyatlaridan foydalangan holda fundamental ilmiy-amaliy tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.








