16-fevral kuni Xonobod shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Andijon viloyatida sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm va ijtimoiy sohalar rivojlanmoqda. Shu bilan birga, hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham ko‘p.
Yig‘ilishda shunday imkoniyatlar ko‘rsatilib, ularni ishga solish bo‘yicha choralar va mas’ullar belgilandi.
Bu yil Andijonda 190 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, 7 mingta oila yangi xonadon bilan ta’minlanishi, Asaka tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilishi qayd etildi. Andijon, Asaka va Shahrixon shaharlarida urbanizatsiya dasturi amalga oshirilishi, aholisi 100 mingdan oshadigan Asaka va Shahrixon shaharlari viloyat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi belgilandi.
Mahallalarni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Andijon tajribasi yaratiladi. Ularni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish bo‘yicha dastur amalga oshiriladi. Bu maqsadlarga 850 milliard so‘m kredit resurslari va 50 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.
Transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida Xonoboddan Asakagacha poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish, Andijondan yurtimizning boshqa shaharlariga poyezd va avtobus qatnovini ko‘paytirish rejalashtirildi. Shuningdek, kichik va mikro GESlar qurish, elektr tarmoqlari va yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Viloyatda ishsizlik darajasi 7 foizga tushgan. Aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi 1,5 baravarga oshgan. 225 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgan.
Lekin hali 400 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash zarur. Shu maqsadda ular kasb-hunarga o‘qitiladi, imtiyozli kreditlar berilib, tadbirkorlikka jalb etiladi. Xitoy tajribasi asosida mahallalar chetida issiqxonalar tashkil etilib, ehtiyojmand oilalarga bo‘lib beriladi. Yoshlar axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga qo‘shimcha o‘qitiladi.
Andijonda avtomobilsozlik sohasida 12 ta yirik va 160 dan ortiq mahalliy korxona bor. Ularda 17 ming aholi band. Buni yanada oshirish uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida mahallalarda ishlab chiqarish kengaytiriladi. Buloqboshida keramik plita, Marhamat va Baliqchida chinni buyumlar korxonalari tashkil etiladi.
Viloyatda ip-kalavani qayta ishlash darajasini 100 foizga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Bu yil 150 million dollarlik bo‘yash va tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihalari yakunlanib, 6 mingta ish o‘rni yaratiladi. To‘qimachilik korxonalariga Italiyadan dizaynerlar olib kelinadi. Shuningdek, Oltinko‘l tumanida mebelsozlik kompleksi barpo etiladi.
Murakkab tarkibli dori va tibbiy buyum ishlab chiqarish bo‘yicha 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasasi bilan birga farmatsevtika klasteri tashkil qilinadi.
Andijon viloyati bilan Xitoy ishbilarmonlari o‘rtasida 3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Uning 1 milliard dollarini shu yilning o‘zida jalb etish mumkin. Shu maqsadda Andijon tumanida 218 gektarda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilinadi. Investorlarga erkin iqtisodiy zonalar uchun belgilangan barcha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, sanoat zonalardagi bo‘sh yerlarga 300 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi.
Mutasaddilar joriy yilda 2,5 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 45 mingta ish o‘rni yaratish, 1 milliard dollar eksportta’minlash rejalarini bayon qildi.
Zamonaviy mehmonxonalar va turizm markazlarini barpo qilib, 20 ming kishining bandligini ta’minlash imkoni borligi aytildi.
Qishloq xo‘jaligidagi asosiy vazifa hosildorlikni oshirish, eksportni ko‘paytirish va sanoatlashtirish bo‘ladi. Shu maqsadda paxtachilikda 80 sentnergacha hosil beradigan, tola chiqimi 45 foizgacha bo‘lgan Xitoy navi ekiladi. 10 ming gektarda tomchilatib sug‘orishni joriy qilinib, yana 20 ming gektar lazerli tekislanadi. “Tuyamo‘yin”, “Miyan”, “Chinobodsoy”, “Qadim”, “Qatortol”, “Paxtaobod” kanallari betonlanadi.
Meva-sabzavot yetishtirish uchun oilaviy tadbirkorlik doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi, qurilmalar xarid qilishga subsidiya beriladi, serdaromad ekinlar urug‘i va ko‘chati xarajatining 30 foizi qoplanadi.
Oziq-ovqat sanoatiga xorijiy brendlar jalb etiladi. Andijon tumanida yirik agrologistika markazi quriladi. Daryo va zovurlar, ularning atrofi tadbirkorlarga ijaraga berilib, parranda va baliq boqish yo‘lga qo‘yiladi. Marhamatdagi pillachilik klasteri Andijonning hamma tumanlariga namuna bo‘ldi. Yo‘l bo‘ylari, dala, bog‘ va tok chetlari aholiga bo‘lib berilib, 20 million tut ekiladi.
Ijtimoiy sohalar tahlil qilinar ekan, avvalo, maktab ta’limi sifatini oshirishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 10-11-sinf o‘quvchilariga aniq, tabiiy va chet tili fanlaridan birini chuqur o‘rganish yoki ishchi va IT kasblarga o‘qish imkoni yaratiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, amaliy mashg‘ulotni tadbirkorlar o‘tkazadi.
Asaka agrotexnologiya texnikumi bilan Andijon qishloq xo‘jaligi instituti o‘rtasida “2+2” dasturi joriy qilinadi. Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida boshqaruv va o‘qitish metodikalari yangilanadi.
Viloyat shifoxonalarini rivojlantirib, kardio, endo va mikroxirurgiya yo‘nalishida tibbiy xizmatlar eksportini 2 barobar oshirish mumkinligi qayd etildi. Andijon shahridagi bir-biriga yaqin joylashgan 8 ta shifoxonani klaster usulida birlashtirish, Tibbiyot instituti klinikasi negizida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Prezidentimiz bugungi yig‘ilish ulug‘ shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunlarda bo‘lib o‘tayotganiga e’tibor qaratib, bu bilan andijonliklarni tabrikladi. Andijon shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i yangi g‘oyaviy konsepsiya asosida qayta qurilishi ma’lum qilindi.
Davlatimiz rahbari Andijon shahridagi san’at maktabiga o‘zbek qo‘shiqchiligiga beqiyos hissa qo‘shgan, O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev nomini berishni taklif qildi. U Musiqa va san’at kollejiga aylantirilib, grant asosida yangi iste’dod egalari tarbiyalanadi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar va tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini eshitdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.