Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 75-moddasi (xarid qilish tartib-taomillarining davlat nazorati)da, Ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan davlat nazoratini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishi belgilab qoʻyilgan.
Shunga koʻra, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Davlat xaridlari sohasida jumladan, etender.uzex.uz maxsus axborot portali orqali eng yaxshi takliflarni tanlash boʻyicha oʻtkazilayotgan tanlov savdolarida Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi hamda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunlari talablari boʻyicha doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida, Qoʻmita tomonidan berilgan topshiriq ijrosi yuzasidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda, davlat buyurtmachilarining 2022-yilda 37 mlrd soʻmlik 142 ta eng yaxshi takliflarni tanlash boʻyicha oʻtkazilgan tanlov savdolari nazorat tartibida oʻrganildi.
Oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, 86 ta holatda 19 mlrd soʻmlik qonun buzilishlar (5 ta holatda ishtirokchilar oʻrtasida affillanganlik holatlari mavjudligi, 48 ta holatda savdolar oʻtkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish, 33 ta holatda savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish holatlari) aniqlandi.
Jumladan, Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan ayollar internat uyi tomonidan oʻtkazilgan tanlov savdolarining 1 tasida ishtirokchilar oʻrtasida affillanganlik holatlari mavjudligi aniqlangan boʻlib, qonunbuzilish holatlari yuzasidan tuzilgan 317 mln soʻmlik shartnoma haqiqiy emas deb topilib, bekor qilindi hamda qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyganligi uchun masʼul xodimlarga nisbatan sud tomonidan maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanilgan.
Shirin shahar va Boyovut tuman Tibbiyot birlashmalari tomonidan umumiy qiymati 365 mln soʻmlik 9 ta tanlash savdosida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablari buzilishi holatlari aniqlanib, masʼul xodimlarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllash uchun hujjatlar sudga yuborildi.
Sirdaryo viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli 70-sonli maktab internati tomonidan umumiy qiymati 610 mln soʻmlik “Autsorsing” xizmati uchun oʻtkazilgan tanlash savdolarida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablari buzilishi holatlari aniqlanib, tuzilgan shartnomani bekor qilish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda davlat xaridlari nazorati yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan 17 mlrd soʻmlik 63 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar prokuratura organlariga huquqiy baho berish uchun taqdim etilgan.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, aniqlangan
holatlar boʻyicha hujjatlar maʼmuriy javobgarlik boʻyicha sud organlariga yuborilgan.