Aksiya va chegirmalar ustidan raqamli nazorat: Raqobat qo‘mitasi tomonidan 65 ta muammoning sabablarini tahlil qilinib, tizimli yechim bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 58 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasida 116 ta aksiya va chegirma o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida 65 ta muammo va kamchilik aniqlandi. Ayrim hollarda e’lon qilingan chegirmalar amalda boshqacha qo‘llanilgan, aksiya shartlari to‘liq tushuntirilmagan yoki g‘oliblarga va’da qilingan sovrinlar berilmagan.
Xususan:
📍 Andijon viloyati: 60 mln so‘mlik sovrin berilmagan
“Water Life Mineral” MCHJ tomonidan o‘tkazilgan “Orzu ushalsin” aksiyasida 3 nafar ishtirokchiga jami 60 mln so‘m taqdim etilmagan.
Mazkur holat yuzasidan tadbirkorga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchilar huquqlari buzilgani bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi va ko‘rsatma berildi.
📍 Namangan viloyati: Cobalt avtomobili o‘z egasiga qaytarildi
Fuqaro A.A. “Namangan avtotexxizmat” MCHJ aksiyasida ishtirok etib, Chevrolet Cobalt avtomobilini yutib olgan.
Biroq telefon raqami noto‘g‘ri terilgani sababli g‘olib bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmagan. Natijada uning yutug‘i bekor qilinib, boshqa shaxsga berilgan.
Raqobat qo‘mitasi aralashuvi bilan avtomobil haqiqiy g‘olibga qaytarildi.
📍 Namangan va Buxoro: chegirmalarda tushunmovchiliklar
🔘Namangandagi “Baldini” do‘konida 50 foiz chegirma e’lon qilingan. Ammo mahsulotlarda narxnomalar mavjud bo‘lmagan.
🔘Buxoro shahridagi “IDEA” do‘konida 20, 50 va 60 foizlik chegirmalar taklif qilingan. Lekin bu chegirmalar mahsulotning umumiy narxiga emas, balki muddatli to‘lovning oylik to‘lovlariga qo‘llanilgan.
📍 Samarqand viloyati: sovg‘ali aksiya shartlari o‘rganildi
“Samarqand Avtotexxizmat” MCHJ avtomobil xarid qilgan mijozlarga maishiy texnika sovg‘a qilish aksiyasini o‘tkazgan.
Biroq aksiya shartlariga ko‘ra, sovg‘a faqat Chevrolet avtomobili uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilgan xaridorlarga berilgan. Muddatli to‘lov asosida avtomobil olganlar va yuridik shaxslar aksiyadan chetda qolgan.
O‘rganish natijasida reklama, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va chakana savdo qoidalari buzilgani aniqlanib, korxonaga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
📍 Qashqadaryo viloyati: “1+1” aksiyasida nima berilishi noma’lum
“IDEA” brendi tomonidan smartfonlarni bo‘lib to‘lash asosida xarid qilish bo‘yicha bir qator aksiyalar e’lon qilingan.
Biroq reklamada:
aksiyaga qo‘yilgan mahsulotlar soni;
mahsulotlarning oldingi 30 kun ichidagi eng past narxlari;
“1+1” aksiyasida qo‘shimcha qanday mahsulot berilishi haqida aniq ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan:
✅ 59 ta kamchilik (90,7 foiz) huquqiy tushuntirishlar va ogohlantirish xatlari orqali bartaraf etildi.
✅ 4 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berildi.
✅ Iste’molchilar foydasiga 250 mln so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.
Endi aksiya va chegirmalarni raqamli nazorat qilish taklif etilmoqda
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, asosiy muammo qoidalarning yo‘qligida emas, balki ularga rioya etilishini o‘z vaqtida va samarali nazorat qilish mexanizmlarining yetarli emasligidadir.
Shu sababli Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalarni nazorat qilishning yangi raqamli mexanizmlari bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda.
Jumladan:
➡️ QR-kod orqali narxni tekshirish — xaridor mahsulot yonidagi QR-kodni skanerlab, uning avvalgi narxlari va chegirmaning haqiqiy miqdorini ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
➡️ Aksiyalarni oldindan raqamli qayd etish — aksiya boshlanishidan avval uning shartlari maxsus elektron tizimga kiritilishi taklif etilmoqda.
➡️ Narxlar tarixini raqamlashtirish — mahsulot narxining o‘zgarishini kuzatish va chegirmalar qanchalik haqiqiy ekanini tekshirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
‼️Maqsad — aksiya va chegirmalarning shaffofligini oshirish, xaridorlarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish.








