Respublika bo‘ylab savdo, transport, uy-joy va kommunal xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
▶️ Andijon viloyati misolida:
Murojaatda iste’molchi tomonidan YA.T.T. “M.Abdumo‘minov” bilan onlayn tarzda tuzilgan shartnomaga asosan sotib olingan 3 250 000 so‘m miqdoridagi uy-ro‘zg‘or buyumlari sifatsiz bo‘lib chiqqanligi sababli shartnomani bekor qilib, to‘langan miqdoridagi pul mablag‘ini qaytarilishida amaliy yordam so‘ralganligi keltirib o‘tilgan.
Natijada iste’molchi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, to‘langan pul mablag‘i to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi va murojaat ijobiy hal etilib iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi.
▶️ Buxoro viloyati misolida:
Murojaatda iste’molchi gaz ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz ravishda qarzdorlik hisoblayotganligidan norozi bo‘lib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ragan.
Hududiy boshqarmaning harakatlari natijasida Hududgazta’minot korxonasi tomonidan asossiz hisoblangan 1 780 800 so‘m qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
▶️ Farg‘ona viloyati misolida:
Fuqaro Asqarova N. o‘z shaxsiy avtomobiliga metan yoqilg‘i quyish maqsadida Oltiariq tumanidagi “Shaffof metan savdo” MChJga tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchasiga murojaat qilgan va to‘lovni plastik karta orqali amalga oshirgan. Biroq, tranzaksiya natijasida kartasidan 76 600 so‘m pul mablag‘i ikki marotaba yechilganini aniqlaydi.
Hududiy boshqarma tomonidan Shaffof metan savdo” MChJga rasmiy so‘rov yuborildi va natijada ortiqcha yechilgan 76 600 so‘m mablag‘i fuqaroga to‘liq qaytarib berildi.
▶️ Jizzax viloyati misolida:
Murojaatda fuqaro do‘kondan 6,9 mln so‘mga stabilizator xarid qilganligi, mutaxassislar bilan maslahatlashganda, stabilizatorning mazkur turi unga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘lgan, hududiy boshqarmadan stabilizator uchun to‘langan pul mablag‘larini qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan.
Natijada mazkur savdo do‘koni tomonidan keltirilgan noqulayliklar bartaraf etilib, stabilizator uchun to‘langan 6,9 mln so‘m pul mablag‘lari fuqaroga to‘liq qaytarib berilib, ushbu murojaat iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
▶️ Namangan viloyati misolida:
Murojaatda Fuqaro “Grand” savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida gaz plita sotib olganligini, iyul oyi uchun 97 000 so‘m to‘lovni to‘liq amalga oshirsa-da plastik kartangizdan ortiqcha 95 000 so‘m mablag‘ yechib olinganligidan norozi bo‘lib, ortiqcha olingan mablag‘ni qaytarilishida amaliy yordam so‘ragan.
Boshqarma xodimlari tomonidan “Grand” savdo do‘koni operatorlari bilan suhbatlashib “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonunning talablari buzilganligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi va fuqarodan ortiqcha yechib olingan 95 000 so‘m mablag‘ni plastik kartasiga qaytarib tushirib berilishiga va iste’molchining buzilgan huquqi tiklanishiga erishildi.