Raqobat qo‘mitasi striming, internet va raqamli televideniye xizmatlari platformalarini o‘rganishni boshladi
Iste’molchilardan telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan shikoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2026-yilning bugungi kun holatiga ikki barobarga ko‘payib, 1000 dan ortiq murojaatni tashkil etdi.
Tahlillarga ko‘ra, ayrim operator va provayderlarning mobil ilovalari hamda veb-saytlarida tariflar va narxlar, xizmat ko‘rsatish shartlari, ommaviy oferta va boshqa zarur ma’lumotlar to‘liq joylashtirilmagan. Shuningdek, ayrim axborotlar davlat tilida taqdim etilmayotgani aniqlangan.
Qo‘mita striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar platformalarida iste’molchilar uchun zarur axborotlarning taqdim etilishi va qonunchilik talablariga muvofiqligini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.
Shu o‘rinda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mobil ilova va veb-saytlaridagi ma’lumotlarni to‘liq taqdim etishlari hamda uni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirishlari talab etiladi.
Iste’molchilar o‘z takliflarini info@raqobat.gov.uz va consumer@antimon.gov.uz elektron manzillariga yuborishlari mumkin.
Ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
#telekommunikatsiya #raqamli_xizmatlar








