Raqobat qo‘mitasi tomonidan sug‘urta xizmatlari yo‘nalishida 1 000 ga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, iste’molchilar foydasiga 2,8 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilishi ta’minlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan davrda sug‘urta masalalari bo‘yicha 1 000 ga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqilib, iste’molchilar foydasiga 2,8 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilishi ta’minlangan.
🖋 Tahlillarga ko‘ra, 50 foizdan ortiq murojaatlarda avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bilan bog‘liq muammolar bildirilgan, ya’ni jabrlanuvchining mol-mulkiga yetkazilgan zarar sug‘urta kompaniyalari tomonidan turli sabablar bilan rad etilgan, qoplab berilmagan yoki kechiktirilgan.
📃 Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyulda qabul qilingan 458-sonli qarori bilan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish munosabatlariga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kirdi. Bugungi kunda sug‘urta tashkilotlari mazkur o‘zgarishlar asosida yangi shartnomalarda ish olib bormoqdalar.
Biroq, Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillar va sug‘urta tashkilotlari taqdim etayotgan elektron sug‘urta xizmatlariga doir ma’lumotlar o‘rganilganda, shartnomalarda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi:
Xususan,
🔘elektron polis rasmiylashtirish bo‘yicha ommaviy shartnomalar yangi qoidalarga moslashtirilmagan;
🔘ayrim shartnomalar davlat tilida berilmagan;
🔘sug‘urta kompaniyalarining majburiyatlari: to‘lov muddatlari, istisnolar, penya to‘lash tartibi va boshqalar to‘liq yozilmagan;
🔘ba’zi kompaniyalar veb-saytlarida ma’lumotlar yangilanmagan yoki umuman mavjud emas;
🔘qonun va qoidalarning yangilangan tahriri yoki rasmiy havolalari joylashtirilmagan;
🔘onlayn polis olishdan oldin shartlar bilan tanishish imkoniyati yaratilmagan.
‼️ Sug‘urta xizmatlari to‘g‘risida iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli ma’lumotlar taqdim etilmasligi o‘zaro munosabatlarda turli kelishmovchiliklarni yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida Qo‘mita tomonidan kiritilgan ma’lumotga asosan, ushbu sohadagi vakolatli organ tomonidan barcha sug‘urta tashkilotlariga yuqorida qayd etilgan holatlarni ko‘rib chiqish va qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.







