#Marketing_Forum_2026
«IV Tashkent Marketing Forum 2026» o‘z ishini boshladi
Toshkent shahrida marketing sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri — «IV Tashkent Marketing Forum 2026» o‘z ishini boshladi. Ushbu Forum Raqobat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Marketing Assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etib kelinmoqda.
Forumni Qo‘mita raisi o‘rinbosari U. Davlatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U kirish so‘zda marketing zamonaviy iqtisodiyotda biznesni rivojlantirish, raqobat muhitini mustahkamlash hamda iste’molchilar ehtiyojlarini chuqur o‘rganishda muhim vosita ekani, bu borada davlat organi sifatida Raqobat qo‘mitasi bu kabi tashabbuslarni doim qo‘llab quvvatlashga tayyor ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, bu kabi tadbirlar orqali milliy marketing tizimini rivojlantirish va u orqali mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda o‘rni muhim ekanligiga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir doirasida dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan ekspertlar, biznes vakillari hamda marketing mutaxassislari ishtirok etmoqda. Forum dasturi marketingning 7 ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha muhokamalar, panel sessiyalar, amaliy keyslar, raqamli marketing, brending, PR va SMM, shuningdek AI va IT marketing masalalarini qamrab olgan.
Qatnashchilar xalqaro konferensiya va ekspertlar chiqishlari, marketing yechimlari yarmarkasi, yilning eng yaxshi marketologlari va kompaniyalarini taqdirlash marosimi, shuningdek biznes egalari va sohaning yetakchi mutaxassislari bilan jonli muloqot va netvorking imkoniyatlaridan foydalanishmoqda.
Forum media va marketing savodxonligini oshirish, tahliliy fikrlash va zamonaviy kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilib, reklama va marketing sohasidagi mutaxassislarni bir maydonga jamlamoqda.
Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, mazkur forum yangi g‘oyalar, innovasion yondashuvlar va samarali hamkorliklar uchun muhim platforma bo‘lib, mamlakatimiz biznes muhitida yangi imkoniyatlarni ochishi kutilmoqda.






