Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika hududlari kesimida iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
Jumladan,
🔘Andijon viloyati misolida:
“HUMANS” plastik kartasidagi pullar iste’molchiga qaytarildi!
Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro A.J. “HUMANS” kompaniyasidan olingan plastik kartasidagi pul mablag‘ini yechib ololmayotgani, kompaniya va bankka qilgan murojaatlari natija bermayotgani yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida holat tasdiqlandi va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida fuqaroning huquqlari himoya qilindi.
Natijada, iste’molchining plastik kartasidagi 28 mln so‘mdan oshiq pul mablag‘i “HUMANS” kompaniyasi tomonidan to‘liq o‘tkazib berilishi ta’minlandi. Murojaat ijobiy hal etildi.
🔘Jizzax viloyati misolida
Sh.RaShidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar “Hududgaz” Jizzax gaz ta’minoti filiali tomonidan foydalanilgan tabiiy gaz uchun asossiz dalolatnoma tuzilganligi yuzasidan murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida filialga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va asossiz hisoblangan jami 52 mln so‘mdan oshiq mablag‘ fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida iste’molchining huquqlari to‘liq himoya qilindi.
🔘Farg‘ona viloyati misolida
Fuqaro murojaati ijobiy hal etildi!
Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.Rasulov “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida fuqaroning xonadonida iste’mol qilingan ichimlik suv hajmlari va amalga oshirilgan to‘lovlar taqqoslanganda, 540 ming so‘m asossiz qarzdorlik mavjudligi aniqlandi. Amaldagi hisoblagich ko‘rsatkichi elektron dasturga to‘g‘ri kiritilganda, fuqaro 80 ming so‘mga yaqin haqdor ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida fuqaro B.Rasulov foydasiga jami 600 ming so‘mdan oshiq pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
🔘Buxoro viloyati misolida:
Fuqaro F.G‘iyosov tomonidan Prezidentning “Ishonch telefoni” orqali yuborilgan murojaatda, u “Buxoroavtotexxizmat” MChJdan shartnoma asosida sotib olgan “Traker-2” avtomobili kafolat davrida dvigatelda paydo bo‘lgan nuqsonlar bartaraf etilmayotganidan norozilik bildirgan.
O‘rganishlar davomida holat tasdig‘ini topdi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 8, 15 va 23-moddalari asosida fuqaroning haq-huquqlari himoya qilindi.
Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida “Buxoroavtotexxizmat” MChJ tomonidan avtomobil dvigateli yangisiga almashtirib berildi. Murojaat ijobiy hal etildi.
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida:
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga “Call-center” orqali murojaat qilgan fuqaro A.Q “Qaraqalpaq Avtotexxızmet” MChJ bilan avtomobil xarid qilish uchun oldindan 156 mln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lagani, ammo transport vositasini olish rad etilgani sababli mablag‘ni qaytarib olishda yordam so‘ragan.
O‘rganish natijasida holat tasdiqlandi va fuqaroning huquqlari amaldagi qonunchilik asosida himoya qilindi. Hududiy boshqarma aralashuvi bilan MChJ tomonidan fuqaroga oldindan to‘langan 156 mln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘liq qaytarib berildi. Murojaat ijobiy hal etildi.







