Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga savdo, ish va xizmatlar sohasida fuqarolardan tushayotgan murojaatlar ijobiy hal etilmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida
🔘Navoiy viloyati Hududiy boshqarma Uchquduq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.J.ning yo‘llagan murojaatini o‘rganib chiqdi.
Murojaatda Navoiy shahridagi avtosalonlarning biridan “HAVAL M6” avtomobilini xarid qilgani, biroq oradan 4 oy o‘tmasdan transport vositasining monitor qismi ishlamay qolgani va ushbu holatda esa avtosalon ma’muriyati amaliy yordam bermayotgani bayon etilgan.
O‘rganish natijasida “Navoi Haval” MCHJ tomonidan avtomobilidagi nosozlik bartaraf etilib, monitor qismi almashtirib berilishi ta’minlandi.
🔘Namangan viloyati Hududiy boshqarma tomonidan Yangi Namangan tumanida yashovchi fuqaro M.G. tomonidan “Booknomy” onlayn savdo orqali 3 mln so‘mga yaqin muddatli to‘lov, shartnoma asosida planshet texnika apparati olgani, biroq uni nosoz chiqqanidan norozi bo‘lib, almashtirib berilishida yoki shartnomani bekor qilinishida amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatni o‘rganish davomida “Booknomy” onlayn savdo markazi fuqaroga sotilgan nuqsonli planshetni qaytarib olib, uni sifatlisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati Hududiy boshqarmaga Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro T.F. “Ishonch” savdo do‘koni bilan yuzaga kelgan muammo bo‘yicha murojaat qildi.
O‘rganish natijasida mazkur savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida sotib olingan maishiy texnika uchun to‘lovlarni to‘lab borishgan, ammo tuman MIB tomonidan fuqaroning ish haqi kartasidan ortiqcha pul yechib olingani ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng ortiqcha yechib olingan 1 mln 200 ming so‘mdan ortiq pul mablag‘lari iste’molchiga qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Farg‘ona viloyati Hududiy boshqarmaga Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro J. K. murojaat qilib, o‘zi sotib olgan xonadoni bo‘yicha muammoga duch kelganini bildirgan.
O‘rganishlar natijasida xonadon issiqlik tizimiga ulanmagan bo‘lsa-da, Farg‘ona viloyati “Issiqlik manbai” ICHDB korxonasi tomonidan unga 860 ming so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik hisoblangani aniqlandi. Natijada, korxona tomonidan hisoblangan noreal summa fuqaroning hisobidan chiqarilishi ta’minlandi.
🔘Andijon viloyati Hududiy boshqarmaga Andijon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning qilgan murojaatida “IMKON” savdo do‘konidan gilam xarid qilingani, ammo yetkazib berish jarayonida boshqa gilam keltirilgani bildirilgan.
O‘rganishlar davomida do‘kon tomonidan aynan iste’molchi tanlagan va xarid qilgan gilam yetkazib berilishi ta’minlandi.